9. Ogohlantiruvchi va falokat ishoralari, falokat sababli to'xtash belgisining qo'llanilishi.

9.1Quyidagilar ogohlantiruvchi ishoralar hisoblanadi:
burilishni ko'rsatadigan miltillovchi chiroq yoki qo'l bilan beriladigan ishoralar;
tovushli ishoralar;
fara chiroqlarining yoqib-o'chirilishi;
kunduz kuni yaqinni yorituvchi fara chirog'ining yoqilishi.
9.2Harakatlanishni boshlashdan, qayta tizilishdan, burilish (qayrilib olish)dan va to'xtashdan oldin haydovchi tegishli yo'nalishni bildiruvchi burilish yorug'lik ko'rsatgichi, ular bo'lmaganda yoki buzuq bo'lganda, qo'l bilan ishoralar berishi shart.
Chapga burilish (qayrilib olish)ni bildiruvchi ishoraga chap qo'lni yoki tirsakdan to'gri burchak ostida bukilgan o'ng qo'lni yonga uzatish mos keladi.
O'ngga burilishni bildiruvchi ishoraga o'ng qo'lni yoki tirsakdan to'g'ri burchak ostida bukilgan chap qo'lni yonga uzatish mos keladi.
To'xtash ishorasi chap yoki o'ng qo'lni yuqori ko'tarib beriladi.
9.3Burilish ko'rsatgichi yoki qo'l bilan berilayotgan ishora manyovrni bajarishdan oldinroq berilishi va uni tugallagach darhol to'xtatilishi lozim (qo'l bilan berilayotgan ishorani manyovr qilishdan bevosita oldin tugallash mumkin).
Ishoralar berish boshqa yo'l harakati qatnashchilarini chalg'itmasligi kerak.
Ogohlantiruvchi ishora berish haydovchiga oldin o'tish huquqini bermaydi va uni zaruriy ehtiyot choralarini ko'rish mas'uliyatidan ozod qilmaydi.
9.4Haydovchi o'zidan orqada kelayotgan, quvib o'tishni boshlagan va boshqa transport vositalariga halaqit bermasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina, harakatlanish yo'nalishini o'zgartirish haqida ogohlantiruvchi ishora berishi kerak.
9.5Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo'llanilishi mumkin:
aholi yashaydigan joylardan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o'tish haqida ogohlantirish uchun;
zarur bo'lgan hollarda yo'l-transport hodisasining oldini olish uchun.
9.6Quvib o'tish haqida tovushli ishora o'rniga yoki u bilan birga fara chiroqlarini yoqib-o'chirib ogohlantirish ishorasini berish mumkin.
9.7Burilishni ko'rsatuvchi barcha yorug'lik ishoralarining bir vaqtda miltillashi falokat ishoralari bo'lib hisoblanadi.
Falokat yorug'lik ishoralari quyidagi hollarda yoqilishi kerak:
yo'l-transport hodisasi sodir bo'lganda;
to'xtash taqiqlangan joylarda majburiy to'xtalganda;
fara chiroqlari haydovchining ko'zini qamashtirganda;
shatakka olishda (shatakka olingan transport vositasida).
Haydovchi yo'l harakati qatnashchilarini, o'zi boshqarayotgan transport vositasi havf tug'dirishi mumkin bo'lgan boshqa hollarda ham ogohlantirish uchun falokat yorug'lik ishoralarini yoqishi kerak.
9.8Quyidagi hollarda falokat yorug'lik ishoralari yoqilgandan keyin, shuningdek, u bo'lmaganda yoki buzuq bo'lganda, falokat sababli to'xtash belgisi (miltillovchi qizil chiroq) darhol o'rnatilishi kerak:
yo'l-transport hodisasi sodir bo'lganda;
taqiqlangan va ko'rinish sharoitini hisobga olgan holda transport vositasi boshqa haydovchilar tomonidan o'z vaqtida payqab bo'lmaydigan joylarda majburiy to'xtab qolganda.
Bunday belgi (chiroq) muayyan vaziyatda havf haqida haydovchilarni o'z vaqtida ogohlantirishni ta'minlaydigan masofada o'rnatilishi kerak. Lekin bu masofa aholi yashaydigan joylarda transport vositasidan 15 metrdan, ulardan tashqarida esa 30 metrdan kam bo'lmasligi kerak.
9.9Shatakka olingan transport vositasida falokat yorug'lik ishoralari buzuq bo'lganda yoki bo'lmagan hollarda uning orqa tomoniga falokat sababli to'xtash belgisi o'rnatilishi kerak.

< < < oldingi bobkeyingi bob > > >
Hosted by uCoz