2. Qoidalarda qo'llanilgan asosiy tushuncha va atamalar.

Aholi yashaydigan joy
Kirish va chiqish yo'llari 5.22 - 5.25 belgilari bilan belgilangan hudud.

Ajratuvchi bo'lak
Yo'lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, relssiz transport vositalari va piyodalarning harakatlanishi yoki to'xtashi uchun mo'ljallanmagan alohida qismi.
Ajratuvchi bo'lak yotiq chiziq, yo'l sathidan baland qurilma, ko'kalamzorlashtirilgan joylar ko'rinishida bo'lishi mumkin.

Arava
Ot (yoki boshqa hayvonlar)ga qo'shib tortiladigan, yoki odam mushak kuchi bilan tortib (itarib) harakatga keltiriladigani yurgizgichsiz (dvigatelsiz), yuk tashishga mu'ljallangan qurilma.

Asosiy yo'l
Tuproqli yo'lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt va tsement betonli, tosh yotqizilgan va shunga o'xshashlar), kesishayotgan yoki tutashgan yo'lga nisbatan 2.1, 2.3.1-2.3.3 yoki 5.1 belgilari bilan belgilangan yo'l yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo'lga nisbatan har qanday yo'l. Ikkinchi darajali yo'lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo'lishi uni asosiy yo'l bilan teng huquqli qilmaydi.

Avtomagistral
5.1 belgi bilan belgilangan yo'l.

Belgilangan yo'nalishli transport vositasi
Belgilangan yo'nalishi va bekatlari bo'lgan, yo'lovchi tashish uchun mo'ljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, avtobus, tramvay, yo'nalishli taksi).

Chorraha
Yo'lning o'zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi.
Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari ohiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoqroqdagi burila boshlagan joylarini tutashuvchi hayoliy chiziqlan bilan aniqlanadi.
Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi.
Yo'l harakati svetofor yoki tartibga soluvchining ishoralari orqali boshqarilayotgan chorraha tartibga solingan chorraha deb hisoblanadi.
Miltillovchi sariq ishorada, svetoforlar ishlamayotgan yoki tartibga soluvchi bo'lmagan chorraha tartibga solimanagan chorraha deb hisoblanadi.

Etarli ko'rinmaslik
Yomg'ir, qor yog'ishi, tuman tushishi va shunga o'xshash sharoitlarda, shuningdek, kunning g'ira-shira vaqtida yo'lning ko'rinishi 300 metrdan kam bo'lishi.

Harakatlanish bo'lagi
Avtomobillarning bir qator bo'lib harakatlanishi uchun kengligi etarlicha bo'lgan, yo'l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo'l qatnov qismining har qanda bo'ylama bo'lagi.

Haydovchi
Yo'llarda biron-bir transport vositasini boshqarib borayotgan shaxs.
Boshqarishni o'rgatuvchi, miniladigan hayvonlarda ketayotgan yoki ularni etaklab borayotgan, chorva mollari (poda)ni haydam borayotgan shaxslar ham haydovchiga tenglashtiriladi.

Imtiyoz
Mo'ljallangan yo'nalishda boshqa yo'l harakati qatnashchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi.

Majburiy to'xtash
Texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi, yo'lovchining holati, yo'ldagi biror to'siq tufayli xavf tug'ilganda yoki ob-havo sharoitiga bog'liq holda transport vositasi harakatlanishining to'xtatilishi.

Mexanik transport vositasi
Yurgizgich (dvigatel) bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi (mopeddan tashqari). Bu atama barcha traktor va o'ziyurar moslamalarga ham taalluqlidir.

Moped
Ish hajmi 50 santimetr kubgacha bo'lgan yurgizgich (dvigatel) bilan harakatga keltiriladigan, eng yuqori tezligi soatiga 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch gildirakli transport vositasi.
Osma yurgizgichli velosipedlar va yuqoridagi ta'rifga ega bo'lgan boshqa transport vositalari ham mopedlarga tenglashtiriladi.

Motosikl
Kajavali yoki kajavasiz ikki g'ildirakli mexanik transport vositasi.
Yuklanmangan holatdagi vazni 400 kilogrammdan oshmaydigan uch g'ildirakli mexanik transport vositalari ham motisikllarga tenglashtiriladi.

Ogohlantiruvchi ishoralar
Falokatli holatlarning oldini olish maqsadida, harakatlanish yo'nalishini o'zgartirishda qo'llaniladigan ishoralar.

Piyoda
Yo'lda transport vositasidan tashqarida bo'lgan va ish bilan band bo'lmagan shaxs.
Velosiped, moped, motosikl va chana etaklagan, aravacha, bolalar hamda nogironlar aravachasini tortib ketayotgan, nogironlarning yugizgichsiz aravasida harakatlanayotgan shaxslar ham piyoda hisoblanadilar.

Piyodalar o'tish joyi
Yo'lning qatnov qismini piyodalar kesib o'tishi uchun mo'ljallangan, 5.16.1, 5.16.2 belgilari va 1.14.1-1.14.3 chiziqlari bilan ajratilgan qismi.
Chiziqlar bo'lmasa piyodalar o'tish joyining kengligi 5.16.1, 5.16.2 belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi.

Piyodalar yo'lkasi
Yo'lning piyodalar harakatlanishi uchun mo'ljallangan va transport vositalari harakati taqiqlangan qismi.

Piyodalarning tashkiliy jamlanmasi
Qoidalarning 5.2 band talablariga muvofiq yo'lda bir yo'nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi.

Qatnov qismi
Yo'lning relssiz transport vositalari harakati uchun mo'ljallangan qismi.

Qorong'i vaqt
Kechki g'ira-shiraning ohiridan tonggi g'ira-shiraning boshlanishi orasidagi vaqt.

Quvib o'tish
Egallagan harakatlanish bo'lagidan chiqib oldinda ketayotgan transport vositasidan o'zib ketish.

Reversiv harakat
Yo'l qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35-5.37yo'l belgilari, 1.19 chiziqlar bilan belgilangan yoki ustida reversiv svetofor o'rnatilgan bo'lagida harakat yo'nalishining qarama-qarshi tomonga o'zgarishi.

Ruxsat etilgan to'la vazn
Aslahalangan transport vositasining yuki, haydovchi va yo'lovchilari bilan birga, ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan belgilangan eng yuqori vazni (miqdori).
Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va h.k.) transport vositalarining ruxsat etilgan to'la vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to'la vaznlari yig'indisi kiradi.

Tartibga soluvchi
Tegishli guvohnomasi va belgisi (maxsus kiyimi yoki taniqlik belgilari: qo'l bog'ichi, zhezl, qizil ishorali yorug'lik qaytargich yoki yorug'lik qaytargichsiz gardish, qizil chiroq yoki bayroqcha) bo'lgan militsiya, harbiy avtonazorat xodimi, yo'ldan foydalanish idoralarining xizmatchisi, temir yo'l kesishmasi, sol kechuvlari (parom) navbatchisi, janoatchi avtonazoratchi va militsiyaning shtatdan tashqari xodimi.

Temir yo'l kesishmasi
Yo'lning temir yo'l bilan bir sathda kesishgan joyi.

Tirkama
Mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo'ljallangan, yurgizgich bilan jihozlanmagan transport vositasi.
Bu atama yarim tirkama va uzaytirilgan tirkamalarga ham taalluqlidir.

To'xtab turish
Transport vositasining, unga yo'lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog'liq bo'lmagan hollarda harakatini 10 daqiqadan ko'proq vaqtga atayin to'xtatish.

To'xtash
Transport vositasining harakati 10 daqiqadan kam vaqtga to'xtatish (harakatsiz holatga keltirish).

Transport vositalarining tashkiliy jamlanmasi
Bevosita bir-birining ketidan bitta harakatlanish bo'lagida faralarini doimiy yoqib kelayotgan, oldida yalt-yalt etuvchi ko'k rangli yoki ko'k va qizil rangli chiroq mayoqchasi yoqilgan transport vositasi kuzatib borayotgan uch va undan ortiq mexanik transport vositalari guruhi.

Transport vositasi
Odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo'ljallangan qurilma.

Transport vositasining egasi
Transport vositasiga mulk huquqida yoki boshqa ashyoviy huquqlarda egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.

Trotuar
Yo'lning qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to'siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo'ljallangan qismi.

Velosiped
Odam kuchi bilan harakatlantiriladigan ikki yoki undan ortiq g'ildirakli transport vositasi (nogironlar aravachasidan tashqari).

Yo'l bering
Yo'l harakati qatnashchisiga nisbatan imtiyozi bo'lgan boshqa yo'l harakati qatnashchilarining harakat yo'lnalishini yoki tezligini o'zgartirishga majbur etishi mumkin bo'lgan hollarda harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biron-bir manyovr mumkin emasligini bildiruvchi talab.

Yo'l harakati qatnashchisi
Yo'l harakati jarayonida transport vositasi haydovchisi, yo'lovchisi yoki piyoda tariqasida bevosida ishtiroq etayotgan shaxs.

Yo'l harakati xavfsizligi
Yo'l harakati qatnashchilarining yo'l-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yo'l harakati holati.

Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash
Yo'l-transport hodisalarining yuzaga kelish sabablari oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarini engillashtirishga qaratilgan faoliyat.

Yo'l harakati
Odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yo'llar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui.

Yo'l harakatini tashkil etish
Yo'llarda harakatni boshqarish bo'yicha huquqiy, tashkiliy-texnikaviy tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui.

Yo'l
Transport vositalari qatnovi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va xuddi shu maqsadda foydalaniladigan er mintaqasi yoxud sun'iy inshoot yuzasi. Yo'l o'z ichiga avtomobil yo'llarini (umumiy foydalanishdagi va idoraviy avtomobil yo'llarini), shaharchalar, shaharchalar va qishloq aholi yashash joylarining ko'chalari va yo'lkalarini, shuningdek, shahar elektr transporti yo'llarini oladi.

Yo'lovchi
Transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs.

Yo'l-transport hodisasi
Transport vositasining yo'ldagi qatnovi jarayonida sodir bo'lib, odamlarning o'limi yoki ularning sog'ligiga zarar etishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlanishiga yoki boshqa tarzda moddiy zarar etkazilishiga sabab bo'lgan hodisa.

Yondosh hudud
Bevosita yo'lga tutashgan va transport vositalari o'tib ketishi uchun mo'ljallangan hudud (hovlilar, turar joy dahalari, avtomobil to'xtab turish joylari, yonilg'i quyish tarmoqlari, korxona va shunga o'xshashlar).


< < < oldingi bobkeyingi bob > > >
Hosted by uCoz