14. To'xtash va to'xtab turish.

14.1Transport vositalariga yo'lning o'ng tomonidagi yoqasida, u bo'lmaganda esa qatnov qismining chetida to'xtash va to'xtab turishga ruxsat beriladi.
Aholi yashaydigan joylarda yo'llarning chap tomonida to'xtash va to'xtab turishga har yo'nalishda kamida bittadan harakatlanish bo'lagi bo'lgan va o'rtada tramvay izi bo'lmagan hamda harakat faqat bir tomonlama bo'lgan yo'llarda ruxsat etiladi.
Ruxsat etilgan to'la vazni 3,5 tonnadan ko'p bo'lgan yuk avtomobillari harakat bir tomonlama bo'lgan yo'llarning chap tomonida faqat yuk ortish va tushirish uchun to'xtashlari mumkin.
14.2Transport vositalarini qatnov qismining cheti bo'ylab bir qator qilib, kajavasi bo'lmagan ikki g'ildirakli transport vositalarini esa ikki qator qilib qo'yishga ruxsat etiladi.
Yo'lning qatnov qismi kengaygan ayrim joylarida boshqa yo'l harakati qatnashchilariga halaqit bermaslik sharti bilan transport vositalarini boshqacha tartibda ham qo'yishga ruxsat etiladi.
Piyodalar harakatiga halaqit bermaslik sharti bilan qatnov qismiga chegaradosh trotuar chetida faqat engil avtomobillar, mototsikllar, mopedlar va velosipedlarga to'xtab turishga ruxsat etiladi.
14.3Aholi yashaydigan joylardan tashqarida tunab qolish, dam olish yoki boshqa maqsadlarda to'xtab turish faqat buning uchun ko'zda tutilgan maydonchalarda yoki yo'ldan tashkarida ruxsat etiladi.
14.4Quyidagi joylarda to'xtash taqiqlanadi:
tramvay yo'llarida, shuningdek, bevosita ularga yaqinroqda tramvaylar harakatlanishiga halaqit beradigan bo'lsa;
tonnellarda, temir yo'l kesishmalarida;
bir yo'nalishda harakatlanish uchun uchtadan kam bo'lagi bo'lgan ko'priklar, osma yo'l (estakada)lar, osma ko'priklar va ularning ostida;
to'xtagan transport vositasi bilan sidirg'a chiziq (qatnov qismining chetini belgilagan chiziqdan tashqari) orasidagi masofa 3 metrdan kam bo'lgan joylarda;
piyodalar o'tish joylarida va ularga 5 metrdan kamroq masofa qolganda;
qatnov qismining havfli burilishlarida;
loaqal bir yo'nalishdagi ko'rinish 100 metrdan kam bo'lgan yo'l do'ngliklari yaqinida;
qatnov qismlari kesishmalarida va kesilayotgan qatnov qismi chetiga 5 metrdan kamroq masofa qolganda (qarama-qarshi harakat yo'nalishlari sidirg'a chiziq yoki ajratuvchi bo'lak bilan ajratilgan yo'lda, unga yondan tutashgan yo'lning qarama-qarshi tomoni bundan mustasno);
bekat maydonchalariga, ular bo'lmaganda esa harakatga halaqit beradigan bo'lsa, belgilangan yo'nalishdagi transport vositalari yoki taksining to'xtash joyi ko'rsatkichlariga 15 metr qolganda;
transport vositasi svetofor ishoralari, yo'l belgilarini boshqa haydovchilardan to'sib qo'yadigan yoki boshqa transport vositalarining harakatlanishiga (kirish va chiqishga) imkon qoldirmaydigan va piyodalarning harakatiga halaqit beradigan joylarda;
"To'xtash taqiqlangan" yo'l belgisi (3.27) hamda chizig'i (1.4)ning ta'sirlari doirasida.
14.5To'xtab turish quyidagi joylarda taqiqlanadi:
to'xtash taqiqlangan joylarda;
aholi yashaydigan joylardan tashqarida 2.1 belgisi bilan belgilangan yo'llarning qatnov qismida;
temir yo'l kesishmalariga 50 metr qolganda;
to'xtash va to'xtab turishni taqiqlovchi yo'l belgilari (3.27-3.30) va chiziqlari (1.4, 1.10) ta'sirlari doirasida.
14.6To'xtash taqiqlangan joyda majburiy to'xtagan haydovchi transport vositasini bu joydan olib ketishning barcha choralarini ko'rishi kerak.
14.7Agar boshqa yo'l harakati qatnashchilarning harakatiga halaqit beradigan bo'lsa yoki havf tug'dirsa, transport vositasining eshiklarini ochish taqiqlanadi.
14.8Haydovchi transport vositasini o'z-o'zidan harakatlanishini yoki o'zi yo'qligida undan foydalanishni istisno qiladigan zarur ehtiyot choralarini ko'rgandan keyingina o'z joyini tashlab ketishi yoki transport vositasini qoldirishi mumkin.

< < < oldingi bobkeyingi bob > > >
Hosted by uCoz